Xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga qonunchilikda imtiyozlar mavjud

Ma’lumki, milliy qonunchiligimizda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi belgilangan.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.03.2023 -yildagi PF-34-son Farmoniga asosan:

a) 2023-yil 1-apreldan boshlab:

1. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘ndisining 150 baravari miqdorida belgilandi.

2. Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi BHMning 200 baravari miqdorida belgilandi.

b) 2023-yil 1-maydan boshlab:

1. Oilaning mehnatga layoqasiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilandi.

2. Oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etildi.

3. Belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanishi belgilandi.

4. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etildi (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).

c) 2023-yil 1-iyundan boshlab:

1.Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi.

2. Halok boʻgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berildi.

3. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:

  • ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

  • navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.

Kambagʻal oilalar uchun imtiyozlar koʻpaymoqda

Kimlar xususiy tibbiyot muassasalarida bepul davolanishlari mumkin?

“Oqila ayollar” moliyaviy rag‘batlantiriladi.

Olimpiada g‘oliblari hamda ularning ustozlari rag‘batlantiriladi

Agar kupelarda kondisioner ishlamasa, chiptalar uchun to‘langan pullar chegirib qolinadi