Sud instansiyalaridan boshqa (tashqari) juda murakkab, ba’zida ko‘p vaqtni oladigan sud qarorlarini majburiy ijro qilish jarayoni mavjud.
Siz sudda yutib ham, javobgarni undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki, mulkiy huquqlari mavjud bo‘lmasa (ayrim nizolar mustasno) asl maqsadga erisha olmaysiz.
Shuningdek, ayrim holatlar ham borki, garchi qarzdorning mulki bo‘lsa-da, unga undiruv qaratib bo‘lmaydi.
Xususan, undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulklar Qarzdor va uning oilasining normal turmush kechirishi uchun zarur bo‘lgan, ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan uy anjomlari va jihozlari, kiyimlar hamda boshqa buyumlar ro‘yxatida nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi Qonunning 52-moddasida qarzdor jismoniy shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki uning umumiy mulk ulushi bo‘lgan uyga (kvartira)ga undiruv qaratilishi mumkin emasligi belgilangan.
Lekin bundan quyidagi holatlar mustasno:
- ijro hujjatida undiruvni shu uyga qaratish nazarda tutilgan bo‘lsa;
- uy garov narsasi bo‘lsa;
- sud tomonidan uyni (kvartirani yoxud uy hududiga alohida turgan binoga yoki uyning muayyan qismini va tutashgan hududlarni qismlarga bo‘lish mumkin deb hamda qarzdorda qolgan qismi qarzdor va uning oila a’zolari normal turmush kechirishi uchun yetarli deb topgan taqdirda undiruv qaratilishi mumkin.
Shuning uchun “Bitta uyim bor, undiruv qaratolmaysiz” deyish noo‘rin, sud tomonidan yuqoridagi uchinchi holatni ma’qul deb topsa, davlat ijrochisi majburiy ijro chorasini qo‘llashi mumkin.