Albatta, mumkin. O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunning 13-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi tadbirkorlik va boshqa faoliyat obektlariga moddiy va nomoddiy ne’matlarni hamda ularga bo‘lgan huquqlarni qo‘yish bilan bog‘liq tashqi iqtisodiy faoliyat subektlari harakatlarining yig‘indisi O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investisiya faoliyati deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investisiya faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirilishi mumkin:
- yuridik shaxslar tashkil etish yoki ustav fondlarida (kapitallarida) ulushbay asosda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar sotib olish yo‘li bilan qatnashish;
- O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vakolatxonalar, filiallar va boshqa alohida bo‘linmalar ta’sis etish;
- qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan xorijiy davlatlarning rezidentlari tomonidan tasdiqlangan qarz majburiyatlarini sotib olish;
- konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, izlab topish, qazib olish yoxud ulardan foydalanishga mo‘ljallangan konsessiyalarni qo‘lga kiritish;
- mulk huquqini, shuningdek, yerga hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishini kafolatlaydi.